Firibgarlikda ayblanib, qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Turkiyadan deportatsiya qilindi
66 yoshli ayol 2016 yildan buyon O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan qidirilayotgan edi.

Istanbuldagi bosh konsulxonaning xabar berishicha, firibgarlikda ayblanib Turkiyada qo‘lga olingan ayol O‘zbekistonga deportatsiya qilindi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Turkiya Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida fuqarolarning ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirishda ayblanib, 2016 yildan buyon O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan qidiruvda bo‘lgan 66 yoshli R.X. joriy yilning 13 yanvar kuni Istanbul shahrida qo‘lga olingan.
28 yanvar kuni fuqaro R.X. O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari ishtirokida Istanbul xalqaro aeroportidan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.
Ushbu shaxsning xati-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga yoki O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilish so‘raladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xalq orasida “Madam Klod” taxallusi bilan tanilgan, odam savdosi jinoyatini sodir etganlikda ayblanib, qidiruvda bo‘lgan Nilufar Mirxanova ushlangandi.







