Umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan italiyalik 32 yildan so‘ng oqlandi
Ayblanuvchi qamoqda bo‘lganida uning advokati o‘zgardi. Shundan so‘ng ish qayta ko‘rib chiqildi.

Rimdagi apellyatsiya sudi shanba kuni salkam 33 yil qamoqda o‘tirishga majbur bo‘lgan odamni to‘liq oqladi. Huquq himoyachilarining fikricha, bu Italiya sud tizimi tarixidagi eng katta xato.
Benyamino Zunkeddu 1991 yil yanvar oyida Sardiniyaning Kalyari yaqinidagi Sinnay kommunasida uch kishini o‘ldirishda ayblanganida atigi 26 yoshda edi.
Erkak bir oy o‘tib hibsga olingan, chunki hujumdan omon qolgan guvohlardan biri tanigan va “odam o‘ldirgan shaxs” deb ko‘rsatgan.
1992 yil iyun oyida, asosan, ushbu guvohning ko‘rsatmalariga asoslanib, Zunkeddu jinoyatga aloqadorligini rad etsa ham, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.
2017 yilda yangi himoyachi biroz kamchiliklarni topdi. Keyinroq esa asosiy guvoh hujumchining yuzini ko‘rmaganini tan oldi va ko‘rsatmalaridan bosh tortdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, politsiyachilardan biri unga aybdor Zunkeddu ekanini aytgan.
2023 yilning noyabrida Benyamino Zunkeddu ozodlikka chiqdi va 27 yanvarda apellyatsiya sudi uning aybsizligini tasdiqladi.
Huquq-tartibot idoralari esa Sardiniyada o‘sha uch kishini kim o‘ldirganini aniqlay olmadi.







