Qashqadaryo viloyati IIBga yangi boshliq tayinlandi
2019-yil kuzidan buyon viloyat IIBga rahbarlik qilib kelgan Shuhratjon Sotvoldiyev lavozimini tark etdi.

Polkovnik Abduvohid Salomovich Ismoilov Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi. Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmatiga ko‘ra, bu haqda viloyat hokimligida ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov ishtirokida o‘tkazilgan tayinlov tadbirida maʼlum qilingan.

Abduvohid Ismoilov 1965 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. Muqaddam Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan, 2019 yil oktyabr oyida Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi.
Qashqadaryo viloyati IIBga 2019 yil oktyabridan buyon Shuhratjon Sotvoldiyev rahbarlik qilayotgandi. U bu lavozimga aynan Surxondaryo viloyati IIB rahbarligidan (2017 yil mayidan Surxondaryo viloyati IIBda boshliq bo‘lgan) o‘tgandi. 2022 yil fevralida prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Sotvoldiyev qatʼiy ogohlantirilgandi.

Ayni vaqtda Sotvoldiyevning keyingi faoliyati haqida maʼlumot yo‘q.
Shuningdek, endi Ismoilov o‘rniga Surxondaryo viloyati IIBga kim boshliq bo‘lishi ham aniq emas.







