Qashqadaryoda 150 ta daraxt ildizi bilan qo‘porildi
Natijada tabiatga 1 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazildi.

Qashqadaryo viloyati ekologiya boshqarmasi tomonidan Kasbi tumanida navbatdagi reyd tadbirlari o‘tkazildi.

Reyd davomida To‘palang HPD Holding MCHJ masʼullari tomonidan Denov — Novqat kanalini rekonstruksiya qilish jarayonida kanal qirg‘og‘iga ekilgan jami 150 ta daraxt ildizi bilan qo‘porilgani aniqlangan. Bu bilan "Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yana-da samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmon talablari buzilgan.
Daraxtlarni kesish yoki ko‘chirib o‘tqazish bo‘yicha amaldagi tartiblarga rioya etilmagan va murojaat qilinmagan.

Daraxtlar kesilishi natijasida o‘simlik dunyosiga 1 milliard 165 million 350 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Hujjatlar yetkazilgan zararni undirish hamda aybdorlarga qonuniy chora ko‘rish maqsadida Qashqadaryo viloyati prokuraturasiga yuborilgan.







