DXX Toshkent viloyati va Buxorodagi ikki amaldorni qo‘lga oldi
Ular qurilish sohasida firibgarlikka yo‘l qo‘ygan.

Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyatida bosh mutaxassisni, Buxoroda esa arxitektorni qo‘lga oldi.
Toshkent viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi bosh mutaxassisi mahalliy tadbirkor tomonidan O‘rtachirchiq tumanida qurilgan 3 qavatli savdo majmuasi binosini foydalanishga qabul qilib berish va boshqa hujjatlarini tegishli tashkilotlarda ishlovchi tanishlari orqali hal qilib berish evaziga 12 ming AQSH dollari talab qiladi. U so‘ralgan pul mablag‘idan 10 ming AQSH dollarini oldindan olgan vaqtida ushlandi.
"O‘zbekiston shaharsozlik bo‘yicha loyihalash ilmiy-tadqiqot instituti" arxitektori o‘z xizmat mavqeidan foydalanib hamda Buxoro viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasidagi tanishlari orqali, Buxoro shahrida qurilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MCHJga tegishli 8 sotix yer maydonida bino-inshootlar qurilishi uchun loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlashga yordam berishga 5 ming AQSH dollari talab qiladi va so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.







