Eron 4 fevraldan O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qiladi
O‘zbekiston fuqarolari Eronga endi har olti oyda bir marta vizasiz kirib, 15 kungacha sayohat qilishlari mumkin.

O‘zbekiston fuqarolari 4 fevraldan eʼtiboran Eronga 15 kungacha vizasiz sayohat qilishlari mumkin.
Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ali-Reza Bigdelining maʼlumotlariga ko‘ra, 28 ta davlat fuqarolari uchun viza olish talabi bekor qilingan. Ushbu mamlakatlar: Saudiya Arabistoni, Qatar, BAA, Bahrayn, Kuvayt, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tunis, Tanzaniya, Mavritaniya, Zimbabve, Mavrikiy, Seyshel orollari, Yaponiya, Indoneziya, Singapur, Kuba, Vetnam, Kambodja, Bruney, Braziliya, Meksika, Peru, Xorvatiya, Serbiya, Bosniya va Gersegovina, Belarus va Hindiston.
O‘z navbatida, Hindiston fuqarolari Eronga havo transportidan foydalangan holda kirgandagina vizasiz rejim amal qiladi, quruqlikdagi chegaralar orqali kirmoqchi bo‘lsa, viza olishlari kerak.
Maʼlumot uchun, BAA ham 16 fevraldan boshlab O‘zbekiston fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilgan.







