Yangi oliy taʼlim vaziri 1-ish kunini talabalar sharoitini o‘rganishdan boshladi
Dastlabki manzil Jahon tillari universiteti bo‘lgan.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalar turar joyida bo‘ldi. Vazir yotoqxonada talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, yoshlar bo‘sh vaqtlarini qanday o‘tkazayotganlarini ko‘zdan kechirdi.
Dastlab universitet masʼullari yoshlar uchun yaratilgan qulayliklar haqida maʼlumot berib, vazirni muassasa faoliyati bilan tanishtirdi. Talabalar turar joylaridagi xonalar, barcha sharoitlarga ega darsxonalari, maʼnaviyat xonasi, oshxona, kir yuvish xonalari, sport xonalari zarur jihozlar, maishiy buyumlar bilan taʼminlangan, hovlida esa jismoniy mashg‘ulotlar uchun sport maydonchalari tashkil etilgan.
“Siz kabi yoshlar ilmli, vatanparvar, o‘z sohasining professionali bo‘lishi uchun sifatli taʼlimni taʼminlash muhim vazifamiz. Sizlardan bor kuchingizni bilim olish va bilimlaringizni xayrli ishlarga yo‘naltirishingiz talab etiladi” – dedi vazir.







