Aprelda VI Toshkent xalqaro marafoni o‘tkaziladi
Uning umumiy sovrin fondi 720 million so‘m.

Joriy yilning 20-21 aprel kunlari VI Toshkent xalqaro marafoni o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Yengil atletika federatsiyasi maʼlumotiga ko‘ra, marafon 5,5 mingdan ortiq yugurish sporti havaskorlarini qabul qiladi. Tadbir dasturiga 42 km klassik marafon masofasi, 21 km yarim marafon masofasi va 3 hamda 10 km masofalari kiritilgan. Marafon arafasida «Kids Run» ommaviy yugurish musobaqasi va skandinavcha yurish bo‘yicha musobaqalarning o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Umumiy sovrin fondi 720 million so‘mni tashkil qiladi. Ilk marotaba erkaklar va ayollar orasida trassa rekordi uchun asosiy mukofotlardan tashqari bonuslar taqdim etiladi. Aniqrog‘i, marafon masofasi uchun 15 million so‘m va yarim marafon masofasi uchun 10 million so‘m beriladi.
Toshkent marafoni xalqaro miqyosdagi sport tadbiri bo‘lib, World Athletics Label maqomiga ega hamda World Athletics (Yengil atletika federatsiyalari xalqaro assotsiatsiyasi) musobaqalar taqvimiga kiritilgan. 2023 yilda marafon doirasida Parijda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga litsenziyalar o‘ynalgan. 2022 yilda esa marafon 28 ga yaqin dunyo mamlakatlarini birlashtiruvchi, Shanxay hamkorlik tashkilotining sport tadbirlari bilan birgalikda o‘tkazilgan.
Start-finish shaharchasi poytaxtning eng markazida — Afrosiyob va Beshyog‘och («Humo Arena» sport majmuasi maydoni) ko‘chalarining kesishish nuqtasida joylashadi. Masofalar marshruti esa markaziy ko‘chalardan o‘tib, bu ishtirokchilarga shaharning diqqatga sazovor joylari bilan tanishish va yangi Toshkentning muhitini his qilish imkoniyatini beradi.







