Navoiydagi mahallaga “Sharmanda doskasi” o‘rnatildi
Holatga Ombudsman munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqda Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi mahallada “Sharmanda taxtasi” paydo bo‘lgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Holatga Inson huquqlari bo‘yicha vakil — Ombudsman rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Konstitutsiyaning 26-moddasida insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emasligi qatʼiy belgilangan.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 7 moddasiga ko‘ra, jazo va boshqa huquqiy taʼsir choralari jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish maqsadini ko‘zlamaydi.
"Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) mahallalardagi eʼlon taxtalariga aybdor deb topilgan shaxsning fotosurati va u haqidagi maʼlumotlar joylashtirish amaliyotini inson huquqlariga zid deb hisoblaydi", deyiladi xabarda.







