UNICEF: G‘azoda 17 ming bola ota-onasiz qoldi
Urush o‘chog‘ida oilalar oziq-ovqat, suv va boshpanasiz og‘ir ahvolda hayot kechirmoqda.

G‘azo sektorida 17 mingga yaqin bola boquvchisiz yoki oilasidan ajralgan holda qolmoqda. Bu haqda UNICEFning Falastin bilan aloqalar bo‘yicha direktori Jonatan Kriks Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda maʼlum qildi.
Uning taʼkidlashicha, har bir bolaning o‘z hikoyasi bor.
Kriks o‘tgan hafta G‘azo sektoriga qilgan tashrifini eslab, oilalar oziq-ovqat, suv yoki boshpana yetishmasligi tufayli og‘ir ahvolda qolganini taʼkidladi.
“Oilalar va bolalar asosiy ehtiyojlarni qondirishda qiynalmoqda”, — degan u.
Direktorning so‘zlariga ko‘ra, G‘azodagi voqealar bolalarning ruhiy salomatligiga jiddiy taʼsir ko‘rsatgan.
“Dekabr oyida biz anklavdagi 500 ming bola psixologik yordamga muhtojligini aytgandik. Hozir anklavdagi barcha bolalar kuchli travmalarni boshdan kechirmoqda. Bu holat bolalarda har safar bomba ovozini eshitganlarida haddan tashqari tashvish, ishtaha yo‘qolishi, uxlay olmaslik, emotsional zo‘riqish yoki vahima kabi alomatlarni boshdan kechirishiga sabab bo‘ladi”, — dedi Jonatan Kriks.







