Xorijga stajirovkaga yuboriladigan yosh tadqiqotchilarning ulushi 47 foizga yetkaziladi
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida “O‘zbekiston-2030” strategiyasidagi vazifalarning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning 8 fevral kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasida belgilanayotgan vazifalarning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda "Taraqqiyot strategiyasi" markazi bo‘lim boshliqlari Xolbekov Avazbek va Mirkomilov Anvarjon, vazirlik markaziy apparati va tizim tashkilotlari xodimlari qatnashdi.



Maʼruzachilar “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan vazifalarni tushuntirib, amaliyotga joriy etilayotgan o‘zgarishlar haqida maʼlumot berdi.

Xususan, 2024 yil davlat dasturining har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish yo‘nalishida ko‘zda tutilgan eng muhim choralar atroflicha muhokama qilindi. Taʼlim va fan sohasini rivojlantirish maqsadida 100 nafar saralab olingan pedagoglar xorijiy davlatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuborilishi, OTMlarning taʼlim dasturlari xalqaro akkreditasiyadan o‘tkazish belgilanmoqda. Shuningdek xorijiy tashkilotlarga qisqa muddatli stajirovkalarga yuboriladigan yosh tadqiqotchilarning ulushini 47 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
Uchrashuv so‘ngida davlat xizmatchilariga 2024 yilgi Davlat dasturi loyihasi muhokamasida faol ishtirok etib, o‘z takliflarini bildirishlari mumkinligi aytib o‘tildi.








