Gʻazodagi urush qurbonlari soni 28 ming kishiga yetdi
67 459 kishi jarohatlangani aytilmoqda.

Isroilning Gʻazo sektorida 7-oktyabrdan beri davom etayotgan tajovuzi natijasida halok bo‘lgan falastinliklar soni 27 947 nafarga yetdi. 67 459 nafar inson esa yaralandi.
Bu haqda 9-fevral kuni Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligining Gʻazo sektoridagi rasmiy vakili Ashraf al-Qudra ma’lum qildi.
Al-Qudra ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida Falastin anklavining yana 107 nafar aholisi Isroil hujumlari qurboniga aylangan va 142 nafar falastinlik yaralangan.
Rasmiyning qayd etishicha, halok bo‘lganlarning jasadlari hamon vayron bo‘lgan binolar vayronalari ostida va yo‘llar chetida qolmoqda. Tibbiyot guruhlari va fuqarolik mudofaasi xodimlari Isroil harbiylarining to‘siqlari tufayli halok bo‘lganlar va yaradorlarga yetib bora olmayapti.







