Isroil Rafah atrofiga kuchli zarbalar berdi
1,3 millionga yaqin falastinliklar u yerda boshpana topgan.

Isroil mudofaa kuchlari 10 fevralga o‘tar kechasi G‘azo sektorining janubiy qismiga qator zarbalar berdi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, gap Rafah shahri atrofidagi hudud haqida ketmoqda.
1,3 millionga yaqin falastinliklar u yerda boshpana topgan, deya qayd etadi AFP. Norvegiya Qochqinlar kengashi rahbari Yan Egelandning BBCga maʼlum qilishicha, qochqinlar oziq-ovqat va ichimlik suvi tanqisligiga duch kelmoqda.
Avvalroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu tinch aholini Rafahdan evakuatsiya qilish rejasini ishlab chiqishni buyurgan, biroq odamlarni aynan qayerga evakuatsiya qilish mumkinligiga aniqlik kiritmagan edi. Reuters agentligining Isroil rasmiylari orasidan manbasi Rafah aholisi G‘azo sektorining shimoliy hududlariga yuborilishi mumkinligini bildirgan. Shu bilan birga, oktyabr oyidan boshlab Isroil falastinliklarni anklavning shimoliy hududlaridan janubiy hududlarga ko‘chishga majbur qilgan edi.
AQSH prezidenti Jo Bayden 9 fevral kuni Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini "haddan oshish" deb atadi. Bir kun avval Oq uy vakili Vashington Isroilning tinch aholini himoya qilish rejasisiz Rafahdagi harbiy harakatlarini qo‘llab-quvvatlamasligini maʼlum qilgan edi.







