AQSH dengiz portlari xakerlar nishonida: kiberhujumlar soni keskin oshdi
Mutaxassislar bunday hujumlar yuk tashish va energiya resurslari eksportiga jiddiy zarar yetkazishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

AQSHning yirik dengiz portlari tobora ko‘proq kiberhujumlarga duch kelmoqda. Bu haqda Financial Times nashri xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Texas shtatida joylashgan Korpus-Kristi portiga har kuni yuzlab, ayrim hollarda minglab kiberhujum urinishlari amalga oshirilmoqda. Mamlakatning xom neft eksporti bo‘yicha eng yirik markazi hisoblangan ushbu portda xakerlar turli usullar, jumladan, parollarni buzish va rahbarlar nomidan soxta xabarlar yuborish orqali tizimlarga kirishga urinmoqda.
Los-Anjeles porti esa avgust oyida 120 milliondan ortiq kiberhujum urinishini qaytargan. Hujumlar orasida tarmoq tizimlariga ruxsatsiz kirish, ma’lumotlarni o‘g‘irlash va zararli dasturlardan foydalanishga urinishlar bo‘lgan.
Financial Times yozishicha, AQSH sohil qo‘riqlash xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda dengiz transporti infratuzilmasiga oid kiberinsidentlar soni avvalgi yilga nisbatan 17 foizga oshgan.
Mutaxassislar portlarning raqamli tizimlariga muvaffaqiyatli hujum qilinishi yuk tashish jarayonlarini to‘xtatib qo‘yishi, energiya resurslari eksportiga zarar yetkazishi va dengiz transporti xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.








