G‘arbiy Sohilda isroillik ko‘chmanchilari hujumi: 12 ta avtomobil yoqib yuborildi
Bosib olingan G‘arbiy Sohildagi bir nechta Falastin qishlog‘ida sodir bo‘lgan hujumlar Isroilda ham siyosiy bahslarga sabab bo‘ldi.

Isroillik ko‘chmanchilar 22-noyabr, yakshanba kuni erta tongda bosib olingan G‘arbiy Sohilning Ramalloh va al-Bira viloyatlaridagi bir nechta Falastin qishlog‘iga hujum qildi. Oqibatda 12 ta avtomobil yoqib yuborildi, uylar devorlariga irqchilik mazmunidagi yozuvlar tushirildi. Bu haqda Falastinning WAFA axborot agentligi xabar berdi.
Hujumlar Kafr Malik, Dayr Abu Mash’al va Dayr as-Sudan qishloqlarida sodir bo‘lgan. Al Jazeera muxbiri Nur Odening Kafr Malikdan xabar berishicha, mahalliy aholi tungi soat 02:00 atrofida yong‘in va portlash ovozlaridan uyg‘ongan. Keyinroq ko‘chmanchilar avtomobillarga o‘t qo‘ygani ma’lum bo‘lgan.
Falastinning Devor va aholi punktlariga qarshilik ko‘rsatish komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, oktabr oyida Falastin hududlarida jami 3 133 ta hujum qayd etilgan. Shundan 1 764 tasi Isroil kuchlari, 1 369 tasi esa isroillik ko‘chmanchilar tomonidan sodir etilgan.
Hujumlar soni sentabr oyiga nisbatan 53 foizga oshgan. Xususan, ko‘chmanchilar tomonidan amalga oshirilgan hujumlar bir oy ichida 647 tadan 1 369 taga yetib, 112 foizga ko‘paygan.
Isroilning G‘arbiy Sohildagi harakatlari mamlakat ichida ham tanqidga uchramoqda. “Yashar” partiyasi yetakchisi Gadi Eyzenkot so‘nggi hujumlarni “yahudiy terrorizmi” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, ekstremistik guruhlarning avtomobillar va uylarga o‘t qo‘yishi mintaqaviy barqarorlikka tahdid soladi, insonlar hayotini xavf ostiga qo‘yadi hamda Isroilning milliy xavfsizligi va xalqaro aloqalariga zarar yetkazadi.
Eyzenkot, shuningdek, o‘ta o‘ng qarashlari bilan tanilgan vazirlar Itamar Ben-Gvir va Bezalel Smotrixning G‘arbiy Sohildagi siyosatini tanqid qilib, bu hudud nazoratsiz anarxiya yoqasiga kelib qolganini bildirdi.
Ben-Gvir esa ayblovlarni rad etdi. U Eyzenkotni shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarishda ayblab, uning bayonotini arab partiyalari ko‘magida hukumat tuzishga tayyorgarlik sifatida baholadi.
Isroilning B’Tselem inson huquqlari tashkiloti vakili Shai Parnesning Al Jazeera’ga aytishicha, ko‘chmanchilar ko‘pincha Isroil harbiylari hamrohligida harakatlanadi, biroq harbiylar hujum qilayotganlarni to‘xtatish choralarini ko‘rmaydi.
Isroil armiyasi esa hujum sodir bo‘lgan hududlarga politsiya xodimlari va kriminalistik ekspertlarni yuborayotganini ma’lum qildi. Ular davom etayotgan tergov doirasida dalillarni to‘playdi.
Ma’lumot uchun, 2023-yil oktabridan buyon bosib olingan G‘arbiy Sohilda Isroil kuchlari va ko‘chmanchilar hujumlari oqibatida kamida 1 222 nafar falastinlik, jumladan, 255 nafar bola halok bo‘lgan.








