Meksikada narkokartel rahbarini qo‘lga olish operatsiyasi: 11 kishi halok bo‘ldi
AQSH Mesa Floresni qo‘lga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 5 million dollar mukofot va’da qilgan edi.

Meksikaning Sinaloa shtatida narkokartel yetakchisi Fausto Isidro Mesa Floresni qo‘lga olish operatsiyasi davomida yetti nafar gumonlanuvchi jangari va to‘rt nafar harbiy xizmatchi halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligiga tayanib, Al Jazeera ma’lum qildi.
“El Chapo Isidro” laqabi bilan tanilgan Mesa Flores juma kuni qo‘lga olingan va shanba kuni Mexiko shahriga olib ketilgan. Uni qo‘lga olish operatsiyasi davomida Guasave shahrida Meksika kuchlari va narkokartel jangarilari o‘rtasida bir necha soatlik otishma yuz bergan. Shuningdek, yo‘llar to‘silib, yuk mashinalariga o‘t qo‘yilgan.
Operatsiya davomida yana ikki kishi — guruhning taxminiy ikkinchi rahbari, “Serafin” laqabli German N hamda kartelning moliyaviy faoliyatiga mas’ul bo‘lganlikda gumon qilinayotgan Jose N ham qo‘lga olingan. Ular ham Mexiko shahriga olib borilib, prokuratura organlariga topshirilgan.
FQBning eng ko‘p qidirilayotgan 10 nafar jinoyatchisi ro‘yxatiga kiritilgan Mesa Flores avval Beltran-Leyva narkokartelida yuqori lavozimlarga ko‘tarilgan, keyinchalik esa o‘zining Meza-Flores transmilliy jinoiy tashkilotiga rahbarlik qilgan. U Sinaloa narkokartelining “Los Mayos” fraksiyasi bilan ham yaqin aloqada bo‘lgan. AQSH o‘tgan yili ushbu guruhni “xorijiy terroristik tashkilot” deb belgilagan.
AQSH Mesa Floresni mamlakatga narkotik moddalar olib kirishda ayblab, uning qo‘lga olinishiga yordam beradigan ma’lumot uchun 5 million dollar mukofot va’da qilgan.
Mahalliy aholining aytishicha, Guasavedagi otishma juma kuni soat 19:00 atrofida boshlangan. Ko‘p o‘tmay, harbiy vertolyotlar va dronlar shahar uzra ucha boshlagan, vertolyotlardan shaharning muhim nuqtalariga qarata o‘q uzilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda beysbol o‘yini vaqtida o‘q ovozlaridan qochayotgan odamlar, yonayotgan avtomobillar va savdo obyektlari, shuningdek, vertolyotlardan pastdagi odamlarga qarata o‘q uzilayotgani aks etgan.
Federal amaldorning ma’lum qilishicha, Meksika armiyasi va Milliy gvardiyaning maxsus kuchlari Mesa Floresni Guasavedan faqat shanba kuni soat 04:00 da olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Ismini oshkor etmagan amaldor bu haqda izoh berish vakolatiga ega emasligini bildirgan.
Operatsiyadan keyin shaharda vaziyat biroz tinchigan. Biroq ekspertlar narkokartel rahbarlarining qo‘lga olinishi mintaqada zo‘ravonlikning yangi to‘lqinlarini keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirgan. Hududda o‘zaro raqobatlashayotgan guruhlar o‘rtasida hokimiyat uchun kurash davom etmoqda.
Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan narkokartellarga qarshi kurashni kuchaytirish borasida bosimga uchramoqda. Sheynbaum noqonuniy guruhlarga qarshi o‘zidan oldingi prezidentlarga qaraganda qat’iyroq choralar ko‘rmoqda. Uning prezidentlikdagi ikki yili davomida qotilliklar soni sezilarli darajada kamaygan.
AQSH Giyohvand moddalarga qarshi kurash boshqarmasi Meksika rasmiylarining operatsiyasini yuqori baholagan. AQSHning Meksikadagi elchisi Ronald Jonson ham bu haqda fikr bildirgan.
“Bunday natijalarga bir kechada erishilmaydi. Ular uzoq muddatli hamkorlik va ishonch asosida yuzaga keladi. Hamkorlar birgalikda nimalarga erisha olishini aynan shu ko‘rsatadi”, — deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.








