Samarqandda 5 mlrd so‘mlik elektr energiyasi o‘g‘irlandi
Viloyatda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilgan 23 ta holat aniqlangan.

Samarqand viloyatida so‘nggi 3 kunda ayrim isteʼmolchilarning energiya resurslaridan noqonuniy foydalanishlari natijasida tizimga 5 mlrd so‘mlik zarar yetkazilganligi aniqlandi. Bu haqda Energertika vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 7 – 9 fevral kunlari Energetika vazirligi huzuridagi «O‘zenergoinspeksiya» tomonidan Bosh prokuratura, IIV hamda elektr va gaz taʼminoti korxonalari xodimlari bilan hamkorlikda Samarqand viloyatida nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. Ularda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilgan 23 ta holat aniqlangan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tizimga 5 mlrd so‘mlik zarar keltirilganligi maʼlum bo‘lgan.
Xususan, Paxtachi tumanida «X.q.S.» MCHJga qarashli issiqxona tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishi natijasida 3 mlrd 300 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.
Urgut tumanida esa «S.N.» MCHJga qarashli ishlab chiqarish sexining transformatori o‘zboshimchalik bilan almashtirilgan bo‘lib, ushbu holat bo‘yicha 700 mln so‘m miqdorida qayta-hisob amalga oshirilgan.
Qoidabuzar isteʼmolchilarga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilingan.







