Navoiyda 11 yoshli qiz B2 sertifikatini qo‘lga kiritdi
Zarina Muxiddinova ushbu natijaga ilk urinishdayoq erishdi.

Xatirchi tumanidagi 22-umumtaʼlim maktabining 4-sinf o‘quvchisi Zarina Muxiddinova chet tilini bilish darajasi bo‘yicha B2 qo‘lga kiritdi. Bu Navoiy viloyatida eng yaxshi natijalardan biri bo‘lgan.
Zarinaning onasi Mohichexra Rustamova oliy toifali ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi. Otasi Husniddin Baratov esa tarix fanidan repititorlik qiladi.

Zarina chet tilini o‘rganish bilan bir qatorda shaxmat bilan ham shug‘ullanadi. U shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan turli musobaqalarda viloyat hamda respublika darajasida turli sovrinlarni qo‘lga kiritgan.
“Maktabimizda chet tilini bilish darajasi bo‘yicha sertifikat olgan yuqori sinf o‘quvchilari ko‘p. Ammo boshlang‘ich sinf o‘quvchilari orasida yo‘q edi. Zarina yosh toifasi bo‘yicha B2 sertifikatini qo‘lga kiritishda nafaqat maktab yoki tumanimizda, viloyatimizda ham yaxshi natija qayd etdi”, — deydi u tahsil olayotgan maktab o‘qituvchisi Dilshoda Mustafoyeva.
Eslatib o‘tamiz, OTMga o‘qishga kirishda chet tilidan B2 sertifikati bor abituriyentga maksimal ball beriladi.







