Elektron sigaretalar tabiat uchun xavfli ekani aniqlandi
Yevropa mamlakatlari ularni taqiqlash masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Elektron sigaretalar texnik standartlarga mos kelmasligi yoki chekuvchining o‘zi uning konstruksiyasini o‘zgartirishi tufayli chekuvchilarda jismoniy jarohat, shu jumladan, qurilmalarning portlashi yoki nosozligi tufayli kuyishlar kuzatilishi mumkin.
— Tarkibida zaharli moddalar – qo‘rg‘oshin, kadmiy, simob, nikel, ruh va boshqa moddalar borligi sababli foydalanilgan elektron sigaretalarni umumiy chiqindilarga qo‘shib bo‘lmaydi — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha bosh konsultanti Shuhrat Shukurov. — Ularning tarkibiy qismida litiy-ionli batareyka (akkumulyator) bo‘lib, qurilma bir marta ishlatilgandan so‘ng batareyka bilan birga tashlab yuboriladi.
Plastmassadan tayyorlangan korpus va batareyka utilizatsiya qilinishi va qayta ishlanishi zarur.
Ular boshqa maishiy chiqindilarga aralashib ketsa, asta-sekin qoplamasi yemirila boshlaydi, xavfli elementlar tuproqqa, keyin yer usti va yer osti suvlariga tushadi.
Batareykalar chiqindi yoqiladigan zavodga borib qolsa, zaharli birikmalar atmosfera havosini ifloslaydi.
Bundan tashqari, atmosfera havosiga chiqariladigan aerozolda nafaqat nikotin va aromatizatorlar, balki hali yaxshi o‘rganilmagan boshqa zaharli moddalar ham bor.
Tabiatga katta xavf tug‘dirishi munosabati bilan Fransiya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Germaniya kabi Yevropa mamlakatlari elektron sigaretalarni taqiqlash masalasini ko‘rib chiqmoqdalar. Germaniya jamoatchiligi hukumatni elektron sigaretalarni butun Yevropa Ittifoqi bo‘ylab taqiqlashga undamoqda.







