Prezident Andijonda qurilayotgan Universal sport majmuasini borib ko‘rdi
Unda kelgusida bir nechta sport turi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish mumkin bo‘ladi.

Prezident Shavkat Mirziyeyov Andijon shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan maktab-internatini ko‘zdan kechirdi.
Mazkur muassasa o‘tgan yili 50 milliard so‘m davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qurilgan. U 504 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 5-11 sinflarda aniq va tabiiy fanlarni chuqur o‘qitishga ixtisoslashgan. Maktabga o‘quvchilar viloyatning barcha shahar va tumanlaridan imtihon asosida olinadi.
Maktab-internatda 60 dan ortiq o‘quv va kompyuter xonalari, chet tili sinflari, laboratoriya mavjud. Shuningdek, 222 o‘rinli yotoqxona, oshxona, sport zali zamonaviy jihozlangan.
Prezident shu yerda o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi. Maktabning yuqori sinflari bilan oliygoh dasturlari o‘rtasida uzviylikni taʼminlash, bir-birini takrorlaydigan darslarga yoshlarning vaqtini ketkazmasdan, ko‘proq amaliyotga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Umuman, maktablarga taʼlim, tarbiya va maʼnaviyat bo‘yicha yangi muhit olib kirish kerakligi taʼkidlandi.
Shuningdek, davlat rahbari Andijon shahrida bunyod etilayotgan Universal sport majmuasini borib ko‘rdi.
Hozirda to‘rt ming tomoshabinga mo‘ljallangan yopiq zal qurilgan. Unda bir nechta sport turi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Jumladan, joriy yil kuzda futzal bo‘yicha jahon chempionatining ayrim o‘yinlari shu yerda o‘tkaziladi.
Yirik majmuada basseyn, kafe, restoran ham bo‘ladi. Mashhur sportchilarning mahorat maktablari uchun ham sharoit yaratiladi. Mashg‘ulotlar sport federatsiyalari va oliy taʼlim maskanlari bilan bog‘langan holda olib boriladi.
Majmuani samarali ekspluatatsiya qilish, zamonaviy boshqaruvni joriy etish lozimligi aytildi.







