Endi maktablarda davomat yaxshilanib, o‘qituvchilarga hurmat ortadimi?
Taʼlim tizimiga Milliy gvardiyaning jalb etilishidan nimalar kutilyapti?

Nima uchun maktab taʼlimi zarur, nega bolalarni tarbiyalash, ularni taʼlimga yo‘naltirishda va o‘qituvchilarga bo‘lgan hurmatni oshirishda jamiyatning va barcha tuzilmalarning ishtiroki muhim?
Davlat rahbari taʼlim sifatini oshirish va taʼlim jarayonini takomillashtirish zarurligini qayta va qayta taʼkidlab, “... maktablarga barcha millat va jamiyatni birgalikda kirishga chaqirdi”. Milliy gvardiya zimmasiga ham aniq vazifalar yuklatildi.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda Milliy gvardiya tomonidan maktab darslaridagi davomatni nazorat qilish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida muhokamalar davom etmoqda. Keling, foydalanuvchilar asosan nima haqida yozayotganini ko‘rib chiqamiz.
Birinchidan. (ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining izohlari). “Nima uchun kuch tuzilmasi bolalarni nazorat qilishi kerak? Yaxshisi ko‘chalardagi tartibni taʼminlasin”.
Milliy gvardiya o‘zining huquqiy maqomiga ko‘ra nafaqat Qurolli Kuchlar qo‘shinlarining maxsus turi, balki jamoat xavfsizligini taʼminlash va huquqbuzarliklarning oldini olish sohasida alohida huquqni muhofaza qilish funksiyalariga ega tuzilmadir. Jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarni himoya qilish hamda xavfsizligini taʼminlash Milliy gvardiyaning asosiy vazifalari bo‘lganligi sababli, huquqbuzarliklar va jinoyatlarni, shu jumladan voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilganlarini aniqlash va oldini olish ham Milliy gvardiya vazifalari doirasiga kiradi.
Maʼlumot uchun, 2024 yilning yanvar oyida jinoyat sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan 133 nafar voyaga yetmaganlarning 81 nafari, yaʼni umumiy ko‘rsatgichning 61 foizini maktab o‘quvchilari tashkil etadi.
Bolalar sodir etgan jinoyat turlari tahlil qilinsa, o‘quvchilar huquqbuzarliklarni asosan maktabda darslarda bo‘lishi kerak bo‘lgan vaqtda sodir etganliklari maʼlum bo‘ldi. Misol uchun, bezorilik (17), talonchilik (4), transport vositalarini o‘g‘irlash (4), o‘g‘rilik (53), zo‘ravonlik (1), firibgarlik (7), og‘ir tan jarohati yetkazish (1). Shu bilan birga, yuqorida aytib o‘tilgan jinoyatlarning eng ko‘p sodir etilgan joyi jamoat joylari: ko‘chalar, bog‘lar, bozorlar va boshqa savdo shoxobchalari, shuningdek, ko‘ngilochar maskanlar bo‘lgan.
Shu davrda, yil boshidan beri maktab o‘quvchilaridan 350 ga yaqin pichoq, kastet va boshqa sog‘likga jiddiy zarar yetkazishi, hatto o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan narsalar olib tashlandi.
O‘smirlar maktabga butun qurol-yarog‘ arsenali bilan kelishadi. Maktab o‘quvchilarida nafaqat tamaki mahsulotlari, snyuslar, balki kuchli taʼsir qiluvchi dori preparatlari ham topilgan.
Bolalar o‘zboshimchalik bilan, baʼzida ota-onalari ruxsati bilan ham avtomobillarni olib, ko‘chalarda poyga uyuushtirishmoqda.
Maktab o‘quvchilari o‘rtasida aynan taʼlim muassasasi hududida uyushtirilayotgan janjallar videosi internetda paydo bo‘lmoqda ko‘rishingiz mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘quvchilari yoki ularning ota-onalari tomonidan o‘qituvchilarni haqorat qilish yoki kaltaklash holatlari to‘g‘risidagi xabarlar va videolar paydo bo‘lmoqda buni ko‘rishingiz mumkin.
Nima uchun baʼzi bolalarimiz o‘qituvchilarga, atrofdagi boshqa odamlarga hurmatsizlik ko‘rsatishadi? Baʼzi o‘qituvchilar "ish joyini o‘zgartirish haqida o‘ylashlarini" tan olishdi, chunki "bolalarni boshqarib bo‘lmaydi", "sinfga kirishdan qo‘rqishadi“,” bolalar va ularning ota-onalarining tajovuzkorligi va qo‘polligiga qarshi tura olishmaydi", "ota-onalarga gapirish befoyda, ko‘pchilik hatto ota-onalar yig‘ilishiga kelmaydi“,”ota-onalarga farzandining darslarni buzishini, do‘q qilishini aytilganda, bunga javoban mening yomon o‘qituvchi ekanligim, sakkizinchi sinf o‘quvchisiga yondashuv topa olmayotganimni eshitdim”.
Bu yerda kalit so‘z – ota-onalar. Samarqand maktablaridan birining o‘qituvchisi ham "Milliy gvardiya tomonidan maktablarda davomatni tekshirilishini qo‘llab quvvatladi. Bu nima uchun kerak edi?
“Men Samarqanddagi maktablardan birida ishlayman. Albatta, biz bu masalaga Milliy gvardiyani qo‘shishimiz kerak bo‘lgan vaziyatga tushganimiz ayanchli. Ammo shu kunlarda, shaxsan mening sinfimda davomat yaxshilandi. Ota-onalarga bu narsani yetkazish qiyin, yig‘ilishga sanoqlilari keladi. Bolalarning o‘qishi yoki tarbiyasiga eʼtirozlarimizga eʼtibor ham berishmaydi. Ko‘p maktablarda nima bo‘layotganini tasavvur ham qila olmaysiz. Shanba kunlari 10 nafar o‘quvchi maktabga kelmaydi. Ular telefonlarda o‘tirishadi, siz esa hech narsa qila olmaysiz! O‘qishni xohlashmaydi. Sanoqlilari o‘z kelajagi uchun harakat qilishadi. Men bilimga muhtoj bo‘lgan 5-6 o‘quvchi uchun darslarga boraman. 35 o‘quvchidan 5 tasi, bu dengizdagi tomchi! Meni bolalar emas, balki ularning ota-onalari hayratda qoldiradilar!”.
Ekspert fikri. Milliy gvardiya faoliyatini psixologik qo‘llab-quvvatlash markazi boshlig‘i, inqirozli munosabatlarni boshdan kechirayotgan oilalar bilan psixologik ishlash, deviant xulq-atvorli bolalar bilan psixokorreksiya ishlari sohasida qariyb 30 yillik tajribaga ega bo‘lgan polkovnik Iroda Arifxodjayeva zamonaviy maktab o‘quvchilarining barcha muammolari ularning ota-onalarining muammolariga asoslanganligini bildirdi. "Bolalarning barcha jarohatlari, tengdoshlari va kattalar bilan munosabatlardagi muammolar, ijtimoiy meʼyorlar va qonun chegaralarini kesib o‘tuvchi harakatlar sodir etishlari, har xil giyohvandlik moddalarini isteʼmol qilish va umidsizlik – ota-onasi tomonidan bolaga bo‘lgan munosabat natijasidir. Ko‘pincha biz o‘smirlardan boshqalarga nisbatan yuqori talablarni, qandaydir yaxshilik, odatda moddiy yordam kutish, ularning qobiliyatlari va imkoniyatlariga mutanosib bo‘lmagan umidlarni ko‘ramiz. Va bu ham oilaviy tarbiyaning natijasidir, aniqrog‘i uning yo‘qligi. Bolalar bemaʼni seriallarni, internetdagi videolarni tomosha qilishadi, u yerdagi qahramonlar hamma narsaga ega, mashhurlik, pul va ijtimoiy mavqe. Ammo bu seriallarda inson o‘zida mavjud bo‘lgan imkoniyatlarga erishish yo‘lini ko‘rsatishmaydi. Ota-onalar farzandlariga muvaffaqiyatning narxi og‘ir ekanligini, baʼzan esa mashaqqatli ish ekanligini tushuntirishmaydi. Ko‘pchilik bolalari “boshqalardan kam bo‘lmasin deb” shunchaki talablarini qondirishadi: so‘ngi rusumli ayfon xohlaysanmi? Ol! Brendli kiyimlarmi? Mana. Maktabga qimmatbaho mashinada olib borish va hamma uni ko‘rishi kerakmi? Muammo yo‘q!». Muammolar hattoki keyinchalik emas, darhol boshlanadi: sinfdoshlarga bo‘lgan va sinfdoshlarining bu bolaga bo‘lgan munosabati o‘zgaradi. Bundan tashqari, shunday ota-onalar ham borki, ular o‘z farzandlari oldida o‘zlarini ko‘rsatishadi, atrofdagilarga, o‘qituvchilarga qo‘pol munosabatda bo‘lishadi. Natijada, bola noto‘g‘ri tarbiya oladi, egotsentrik, xudbin bo‘lib o‘sadi. Agar oila moddiy boylikni yo‘qotsa, ota-ona yuqori ijtimoiy mavqeini yo‘qotadi, bolalardan qandaydir hamdardlik va rahm-shafqatni kutish befoyda unda bu fazilatlar tarbiyalanmagan, unga mehr, hurmat va hamdardlik kabi fazilatlar singdirilmagan. Milliy gvardiyaning vazifasi ham aynan shunday oilalar bilan ishlashdir. Negaki ularda Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, bolalarni asrab olgan yoki o‘rnini bosuvchi oilalar bilan psixologik qo‘llab-quvvatlash va psixokorreksiya ishlari bo‘yicha to‘plangan tajribasi bor, mexanizm o‘rnatilgan, vositalar va resurslar ham mavjud.
O‘qituvchi - davlat himoyasida.
Xalqaro amaliyot ko‘rsatganidek, o‘qituvchilarga hurmatsizlik muammosi nafaqat bizning mamlakatimizda uchraydi.
Janubiy Koreyada o‘qituvchilar 2014-yilda qabul qilingan bolalarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunga qarshi norozilik bildirishdi. Qonunga ko‘ra bolalarga qarshi zo‘ravonlikda ayblangan o‘qituvchilar zudlik bilan ishdan ozod etiladi. Namoyishlarga Seul maktablaridan birida 23 yoshli boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining o‘z joniga qasd qilishi turtki bo‘ldi. "Ota-onalar bolalarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonundan foydalanadilar va o‘z farzandlarining noto‘g‘ri xatti-harakatlari haqidagi so‘zlarni yomon qabul qilishadi. Baʼzida esa o‘qituvchi tomonidan haddan tashqari shafqatsizlikda yolg‘on axborot berishadi". Natijada, 2023-yilning avgust oyida o‘qituvchilarni o‘quvchilarning ota-onalari tomonidan qo‘pol munosabatda bo‘lishidan himoya qiluvchi qonun qabul qilindi.
Mamlakatimizda " Pedagog maqomi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinishi o‘qituvchilarni himoya qilishda muhim qadam bo‘ldi. Shunday qilib, davlat o‘qituvchining huquqlari, shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘lishini kafolatlaydi (3-modda), 6-moddada esa ("O‘qituvchining huquqlari") "O‘quvchilar va ularning ota-onalari (qonuniy vakillari) tomonidan o‘qituvchi kasbiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni talab qilish" huquqi tartibga solingan.
Shu tariqa, Milliy gvardiya uchun boshqa jismoniy va yuridik shaxslar singari o‘qituvchilarning huquqlari, erkinliklari va qonun bilan himoyalangan manfaatlarini himoya qilish bevosita vazifadir ("Milliy gvardiya to‘g‘risida"gi Qonunning 3-moddasi).
Ikkinchidan. "Faqat odamlardan pul olish uchun!»
Ota-onalarning farzandlarini tarbiyalash va o‘qitish uchun javobgar ekanligi yangilik emas. Nafaqat bizning milliy qonunchiligimiz uchun.
Birinchidan, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 50-moddasiga asosan "Har kim taʼlim olish huquqiga ega". Ikkinchidan, asosiy Qonunimizning 77-moddasida ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, taʼlim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburligi belgilangan.
Qonunda nazarda tutilgan jazo choralariga keladigan bo‘lsak, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi 1-qismida ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi - bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Qilgan huquqbuzarlikning og‘irligiga mutanosib ravishda moddaning jazo choralari ham kuchaytiriladi. Shunday qilib, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning bolalar uchun majburiy bo‘lgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus yoki kasb-hunar taʼlimi olishiga to‘sqinlik qilganlik uchun maʼmuriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, jarima bilan cheklanmaydi. Bu ish bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Xorijiy mamlakatlarda farzandlarining dars qoldirayotgani uchun ota-onalarga bo‘lgan talab yana-da qattiqroq.
Buyuk Britaniyada ota-onalar farzandlarini taʼtildan tashqari maʼlum kunlarga maktabdan olib ketganliklari uchun 60 funt sterlingdan 2500 funt sterlinggacha (pastki chegara – taxminan 940 ming so‘m va yuqori chegara – qariyb 40 million so‘m) jarimaga tortilishi mumkin. Agar ular 21 kun ichida to‘lanmasa, jarimalar miqdori oshadi. 28 kundan keyin esa jinoiy javobgarlikka tortish mumkin.
Avstriyada maktab taʼlimi 6 yoshdan 15 yoshgacha majburiydir. Agar maktab maʼmuriyat o‘quvchining ketma-ket uch kundan ortiq darslarni sababsiz qoldirganligini qayd etsa, ota-onalar 110 dan 400 yevrogacha (deyarli bir yarim million so‘mdan 5,5 million so‘mgacha) jarimaga tortilishi yoki ikki haftagacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Hech qanday sababsiz uch kundan ortiq darslarni o‘tkazib yuborish maʼmuriy huquqbuzarlik sifatida baholanishi mumkin.
Fransiyada bolaning yo‘qligini oqlay olmaydigan yoki bu haqda yolg‘on gapirgan ota-onalar 135 yevro miqdorida jarimaga tortilishi mumkin. Agar darslarga kelmaslik bolaning taʼlimini xavf ostiga qo‘ysa, ota-onalar ikki yillik qamoq jazosiga va 30000 yevrogacha jarimaga tortilishi mumkin.
Germaniyada maktabda o‘qish 6 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar uchun majburiydir. Ota-onalar direktorning ruxsatisiz bolalarni maktabdan olib ketgani uchun jarimaga tortilishi mumkin. Takroriy huquqbuzarliklar jiddiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Jarimalar Germaniya federal shtatiga bog‘liq bo‘lgan bo‘lib, Bremenda kuniga 35 yevrodan Berlinda 2500 yevrogacha bo‘lishi mumkin.
Gollandiyada bolaning darsni qoldirganligi uchun ota-onalariga kuniga 100 yevro, har bir oiladan bir hafta uchun 600 yevrogacha, ikki hafta uchun esa 900 yevro miqdorida jarima solinishi mumkin.
Ispaniyada maktabga bormaslik jarimalarga, uch oydan olti oygacha qamoq jazosiga va o‘ta og‘ir holatlarda hatto ota-ona huquqlaridan mahrum bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Uchinchisi. "Taʼlim jarayonini yaxshilash va taʼlim sifatini oshirish kerak. Buning uchun nima qilinmoqda?».
Davlatimiz rahbari taʼlim sifatini oshirishga katta eʼtibor qaratmoqda.
Maqolamizning boshida davlat rahbarining taʼlim masalalari bo‘yicha nutqlariga havolalar keltirilgan. Joriy yilning 5-fevral kuni bo‘lib o‘tgan ijtimoiy sohalardagi ustuvor vazifalarni muhokama qilish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Yurtboshimiz taʼlim sifatini oshirish bo‘yicha navbatdagi vazifalarni belgilab berdi.
"Taʼlim sohasida hal qilinishi kerak bo‘lgan ko‘plab masalalar mavjud. Shuning uchun, o‘tgan hafta katta ilmiy va amaliy tajribaga ega mutaxassislarni birlashtirgan Proyekt idorasi tashkil etildi. Idora Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi bilan birgalikda xalqaro standartlar asosida maktablarda matematika, fizika, kimyo, biologiya va chet tillari bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlarini yangilaydi. O‘quvchilar va o‘qituvchilar bilimini baholashda xalqaro tajriba (PISA, TIMSS, PIRLS) bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Yana mingta maktabda Prezident maktablarining o‘quv dasturlari joriy etiladi. Shu tariqa, ularning moddiy-texnik bazasi yaxshilanadi. Chet tillarida so‘zlashuvchilarni maktablarga jalb etish amaliyoti kengayadi”.
Shuningdek, mazkur yig‘ilishda Prezidentimiz maktab o‘quvchilarini kasbga yo‘naltirish bo‘yicha vazifalar belgilab, darslardagi davomatga, tarbiyasi og‘ir o‘quvchilarga alohida eʼtibor qaratilib, ota-onalar va mahalla raislarining bu boradagi masʼuliyatini oshirish orqali “Maktab – ota-ona – mahalla” zanjirini mustaxkamlash choralari ko‘rilishi taʼkidlandi.
-"Ushbu tashabbuslar yo‘lga qo‘yilsa, maktab taʼlimi bo‘yicha ota-onada masʼuliyat, o‘qituvchida majburiyat, o‘quvchida ishonch, taʼlim va tarbiyada sifat, mahallada esa nazorat bo‘ladi, – dedi Prezident.
– Maktab nafaqat taʼlim muassasalari, balki ota-onalar, mahalla faollari, butun jamiyatning masʼuliyati. Chunki maktab mamlakat kelajagi poydevoridir.
"Bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona" degan maqol zamirida ham xuddi shunday haqiqat yotadi. Shunda ota-onalar farzandlarining taʼlim-tarbiyasiga ko‘proq eʼtibor berishadi. Bugungi zamonaviy globallashgan dunyoda bu juda muhim”.







