Ozodbek Nazarbekovning xizmat mashinasi yo‘lovchini urib yubordi
Holat Andijon viloyatida sodir bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning xizmat avtomobili velosipeddagi yo‘lovchini urib yuborgani bilan bog‘liq xabarlar tarqalmoqda. Holatga vazirlik rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, mazkur hodisa joriy yilning 16 fevral kuni Andijon viloyati Qorasuv shahrida sodir bo‘lgan.
Jabrlanuvchi zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan va shifokorlar unga tezkor tibbiy yordam ko‘rsatishgan. Tekshiruvlar natijasida yo‘lovchining sog‘lig‘i bilan bog‘liq jiddiy, xavotirli holat yo‘qligi aniqlangan.
"Bu borada yana qo‘shimcha axborot beriladi. Shu o‘rinda, yurtdoshlarimizdan yo‘lda harakatlanish madaniyatiga qatʼiy rioya qilishlarini so‘rab qolamiz", deyiladi xabarda.







