Farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni 4,6 trillion so‘mga yetkazish belgilangan
Bu haqda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Sevara To‘laganova maʼlum qildi.

Joriy yil yanvar oyining o‘zida Korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, mahalliylashtirish darajasini oshirish va investitsiya loyihalarini jadallashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Farmatsevtika tarmog‘ini yana-da rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ‒14-sonli qarori hamda “Farmatsevtika sohasini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF‒20-sonli Farmoni qabul qilindi.
Mazkur hujjatlardagi topshiriqlar ijrosi yuzasidan 2024-yil davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab olindi.
Jumladan,Farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni 4,6 trillion so‘mga yetkazish, Umumiy qiymati 200 million dollarlik mahsulotlarni eksport qilish, qiymati 152,5 million dollarlik 28 ta loyihani foydalanishga topshirib, 1 478 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish, 430 ta distribyutor korxonalarda GDP, 7 700 ta yirik tarmoqli dorixonalarda GPP talablarini joriy etish, “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasterining Texno-park qismi Maʼmuriy binosida qurilish ishlarini yakunlash va foydalanishga topshirish, Klasterning sanoat zonasidagi 65 million dollarlik 2 ta loyihani ishga tushirish, “Biotexnologiyalar klasteri” loyihasini boshlash, klasterning 2030 yilga qadar rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish, Farmatsevtika texnik universitetida 2024-2025 o‘quv yili bo‘yicha taʼlim jarayonlarini boshlash yuzasidan ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari joriy yil bugungi kungacha bir qator ishlar amalga oshirildi.
“Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterida qurilish ishlari tiklandi. Klaster sanoat zonasi ishtirokchilariga aʼzolik guvohnomalarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqilib, Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlandi hamda 9 ta ishtirokchiga guvohnomalar topshirildi. Har bir loyiha tashabbuskori bilan uchrashuv tashkil etilib, loyihalarni jadallashtirish vazifasi belgilandi. 2024 yil yakuniga qadar 65 million dollarlik 2 ta loyiha ishga tushiriladi.
Farmatsevtika klasteri hududida bir qancha kompaniyalar bilan 136 million dollarlik yangi loyihalarni amalga oshirish hamda biotexnologiya yo‘nalishida Belorussiyaning “PharmInterBio” kompaniyasi bilan 5 million dollarlik loyihani amalga oshirish ustida ishlar olib borilmoqda. Yanvar oyida 14 ta hududga chiqilib, ishlar “korxonabay” kesimida tashkil etildi. Hokimliklar bilan birgalikda farmatsevtika yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning muammolari o‘rganildi.
Hududlarda amalga oshirilgan o‘rganishlardan kelib chiqib, “Asakabank” AJ masʼullari bilan 94 million dollarlik 22 ta kreditga ehtiyoji mavjud loyihalar ro‘yxati shakllantirildi. Bugungi kunda ushbu loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Respublikadagi barcha dorixonalarda GPP standarti talablarini joriy etish ishlarini jadallashtirish uchun kadrlar zaxirasini mustahkamlash maqsadida Agentlikning Farmatsevtika texnik universitetida 36 soatlik malaka oshirish kurslari bepul tashkil qilinib, yanvar oyida 21 nafar mutaxassis o‘qitildi.
Farmatsevtika korxonalari tomonidan 252,1 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, 13,3 million dollarlik mahsulotlar eksport qilindi. Yanvar oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Xitoy investitsiya forumi va G2B uchrashuvlarida 10 million dollarlik eksport shartnomalari imzolandi.
Mahalliy eksportbop mahsulotlar katalogi tayyorlanib, o‘zbek brendini xorijiy davlatlarda ilgari surish bo‘yicha “Pharm Site” onlayn tizimi ishga tushirildi. Mahalliy farmatsevtika mahsulotlarini davlat xaridlaridagi ishtirokini oshirish maqsadida xarid platformalarida muammolar o‘rganilib, ularni bartaraf etish chora-tadbirlari ishlab chiqildi va ijroga yo‘naltirildi.







