Xorazmning yirik parrandachilik korxonalari ishga tushiriladi
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev sholichilik bo‘yicha yondashuvlarni o‘zgartirish vaqti kelganini qayd etdi.

Xorazmning beshta tumanida har biri 200 ming bosh parrandaga mo‘ljallangan 5 ta sanoatlashgan yirik parrandachilik korxonasi ishga tushiriladi. Sholichilikda suv tejovchi texnologiya joriy qilish uchun subsidiya beriladi.
Shavkat Mirziyoyev Xorazmda sholichilik bo‘yicha yondashuvlarni o‘zgartirish vaqti kelgani qayd etdi. Chunki zamonaviy ilmiy yondashuv, yangi nav yo‘q, suv sarfi yuqori.
Shuning uchun yangi hosildor sholi navlarini olib kelib, Xorazm sharoitida sinash muhimligi ta’kidlandi. Koreyalik hamkor bilan sholi urug‘chiligi korxonasi tashkil etiladi. Sholichilikda suv tejovchi texnologiya joriy qilish uchun subsidiya berish va klasterlarga sholi xaridi uchun imtiyozli kredit ajratish yo‘lga qo‘yiladi.
Yig‘ilishda viloyatda chorvachilik, parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirishga to‘xtalib o‘tildi. Xonadonlarda chorva naslini yaxshilash, sutni qayta ishlash, parranda go‘shti ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni ko‘paytirish muhimligi qayd etildi.
Jumladan, go‘sht yo‘nalishida har biri 200 ming bosh parrandaga mo‘ljallangan 5 ta sanoatlashgan yirik parrandachilik korxonasi Bog‘ot, Gurlan, Hazorasp, Honqa, Shovotda ishga tushiriladi. Viloyatdagi sun’iy suv havzalarini atigi 10 foizida baliq intensiv usulda boqilishi qayd etilib, endilikda intensiv usulda baliq yetishtirgan tadbirkorlar yer va aylanma solig‘ini 50 foizini to‘lashi, suv solig‘i va to‘lovidan ozod etilishi belgilandi.







