Gaitida banditlar 4 ming mahbusni qamoqdan chiqarib yubordi
Poytaxt Port-o-Prensda 1 400 ga yaqin mahbus saqlanayotgan yana bir qamoqxonadan ham mahbuslar qochib ketgan.

Gaiti poytaxti Port-o-Prensda qurolli jinoiy guruh qamoqxonaga bostirib kirib, 4 mingga yaqin mahbusni chiqarib yubordi.
Gaiti milliy qamoqxonasiga hujum 2 mart kuni kechqurun, Gaiti bosh vaziri banditizmga qarshi kurashish uchun xalqaro kontingentni joylashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borish maqsadida Keniyaga borganidan ikki kun o‘tgach sodir bo‘ldi. “Barbekyu” laqabli bandit Jimmi Sherize bosh vazir Ariye Anriga qarshi urush eʼlon qildi.
U hujumlardan maqsad Gaiti politsiyasi boshlig‘i, hukumat vazirlarini qo‘lga olish va Anrini hokimiyatdan ag‘darish ekanini aytmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha advokat Arnel Remiga ko‘ra, qamoqxonada 4 ming mahbusdan salkam 100 ga yaqin qolgan. Gaitining asosiy qamoqxonasiga qurolli to‘dalar bostirib kirishi oqibatida kamida uch kishi halok bo‘lgan, minglab mahbuslar qochib ketgan. Gaiti hukumati tinchlikka chaqirib, vaziyatni nazorat ostiga olishga harakat qilmoqda.
“Milliy politsiya jamoat tartibini tiklash uchun qochib ketgan mahbuslarni topish va ushbu jinoiy harakatlarni sodir etgan shaxslarni, shuningdek, ularning barcha sheriklarini qo‘lga olish uchun barcha choralarni ko‘rmoqda”, — deyiladi Aloqa vazirligi xabarida.
Le Monde nashrining yozishicha, qurolli to‘dalar mamlakatning asosiy futbol stadionini ham egallab, bir xodimni bir necha soatga garovga olgan. Banditlar hujumi paytida Gaitida internetga kirish cheklangan, chunki tartibsizliklar paytida optik tolali aloqa uzilgan.







