YI 2025-yildan Rossiya gazining Ukraina orqali tranzitini bekor qilishni rejalashtirmoqda
Bu haqda Yevropa Ittifoqining energetika bo‘yicha komissari maʼlum qildi.

"Yevropa Ittifoqi Rossiya bilan gaz yetkazib berish bo‘yicha uch tomonlama kelishuvni uzaytirishdan manfaatdor emas. Asosiy eʼtibor Kiyevni qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, kelajakda Ukrainaning gaz uzatish tizimi va gaz saqlash obyektlaridan Yevropa bozoriga integratsiyalashuvi uchun qanday qilib samaraliroq foydalanishga qaratilishi kerak”, — deya maʼlum qildi Yevropa Ittifoqining energetika bo‘yicha komissari Kadri Simson.
"Rus gazidan qutulishning eng samarali chorasi Rossiyadan suyultirilgan va quvur orqali gaz yetkazib berishga nisbatan sanksiyalarni kengaytirish bo‘ladi. Ammo hozircha bu YI davlatlari rahbarlari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangani yo‘q", — deya qo‘shimcha qildi Yevropa komissari.
Rossiyaning “Gazprom” va Ukrainaning “Naftogaz” kompaniyalari o‘rtasidagi tranzit shartnomasi muddati 2024 yil 31 dekabrda tugaydi. O‘tgan yili ushbu yo‘nalish bo‘yicha 14 mlrd metr kub rus gazi, asosan, markaziy va janubi-sharqiy Yevropa davlatlariga yetkazib berilgan.







