Siyosatdagi yetakchi ayolga bag‘ishlangan ssenariy tanlovi eʼlon qilindi
Materiallar 17 martgacha qabul qilinadi.

“Siyosat sohasidagi yetakchi ayol: o‘rnak bo‘ladigan inson” mavzusida ssenariy tanlovi eʼlon qilindi. Tanlov tashkilotchilari Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Buyuk Britaniya Tashqi ishlar va xalqaro taraqqiyot vazirligidir.
Tanlov maqsadlari quyidagilarga qaratilgan:
— xotin-qizlarning faol siyosiy hayotga qiziqishini oshirish;
— zamonaviy yetakchi ayol obrazini yaratish;
— ijtimoiy faol ayollar, yetakchi ayollar va siyosatchilar haqida jamoatchilikda ijobiy fikrni shakllantirishga ko‘maklashish.
Mazkur videorolik siyosiy partiyalarning xotin-qizlar qanotini 2024 yil oktyabr oyida parlament va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda faol ishtirok etishga undashi kutilmoqda. G‘olib bo‘lgan ssenariydan mamlakat bo‘ylab ko‘plab ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish maqsadida siyosat sohasidagi yetakchi ayol haqida 3-5 daqiqalik motivatsion video yaratish uchun asos sifatida foydalanish rejalashtirilgan.
Ssenariylar 2024 yil 17 mart soat 23:59 gacha (Toshkent vaqti bilan) qabul qilinadi. Ushbu muddatdan keyin jo‘natilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.
Taqdim etilgan ssenariylarni baholash uchun jamiyatning turli qatlamlari, jumladan, mavzular bo‘yicha ekspertlar, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, Buyuk Britaniya Tashqi ishlar va xalqaro taraqqiyot vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillaridan tashkil topgan hakamlar hayʼati shakllantiriladi.







