Toshkentda gazdan o‘g‘rincha foydalangan issiqxonalar fosh bo‘ldi
Oqibatda davlatda 934,9 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.

Yunusobod va Qibray tumanlarida 934,9 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan issiqxonalar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yunusobod tumanida fuqaro J.K. va boshqalar tumandagi “Katta Hasanboy” MFY hududidagi uyda tijorat maqsadida tashkil etilgan issiqxonada rezina shlanglar yordamida umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, jami 393,7 ming metr kub tabiiy gazni o‘g‘irlab, davlat va jamiyat manfaatlariga 590,7 mln so‘m zarar yetkazganliklari aniqlangan.
Shuningdek, Departamentning Qibray tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “T.A.” MCHJ rahbari D.S. MCHJ issiqxonasida jami 229,4 ming metr kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 344,2 mln so‘m zarar yetkazganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.







