O‘zbekistonda OIV yuqtirgan bemorlar uchun mobil ilova yaratiladi
Respublika OITSga qarshi kurashish markazi faoliyati raqamlashtirilmoqda.

Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS)ga qarshi kurashish tizimida orttirilgan immunitet virusi (OIV) infeksiyasini yuqtirgan bemorlarga qulayliklar yaratish va ularning odatdagi turmush tarziga qaytarish maqsadida raqamlashtirilgan va hozirda takomillashtirilgan yagona elektron tizim ishga tushirildi.
Ushbu tizim orqali quyidagi qulayliklar yaratildi:
Tizim ijtimoiy milliy himoya agentligining elektron bazasi bilan integratsiya qilinib, hozirgi kunda OIV infeksiyasi bilan yashovchi 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nafaqa avtomatik tarzda belgilanishi va to‘lovlar avtomatik tarzda amalga oshishiga erishildi. Bu orqali ularning nafaqa olishida yuzaga kelayotgan qiyinchiliklar, jumladan uzundan-uzun navbatlar, tegishli xizmat ko‘rsatuvchi organlarda yuzaga keladigan sarsongarchiliklariga va ortiqcha ovoragarchiliklariga chek qo‘yildi.
Ushbu xizmat raqamlashtirilishi hisobiga hozirga qadar 161 nafar bolalarga nafaqa elektron axborot tizimi orqali avtomatik proaktiv usulda belgilanishiga erishildi.
Bundan tashqari, ushbu takomillashtirilgan axborot tizimi ishga tushishi natijasida, Respublika OITSga qarshi kurashish markazi faoliyatining raqamlashtirish ko‘rsatkichi 50 foizdan 90 foizga yetdi deydi, markaz shifokori Anvarov Shoakbar Shoabrorovich.
Ushbu raqamlashtirilgan tizim bemorlarni ro‘yhatga olishdan tortib, ularning dispanser hisobiga kiritilishi, laborator tashhisoti hamda qabul qilayotgan dori-preparatlari, ularning ombordagi aylanmasi va real vaqt rejimidagi qoldig‘i, uzluksiz taʼminoti kabi barcha jarayonlar to‘liq elektron tizim orqali boshqariladi va kuzatib boriladi. Avvalari 45 hisobot shakllar va 8 ro‘yxatga olish va bemorlar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni yuritish daftarlar yuritilgan bo‘lsa, ushbu tizim bu jarayonlarni to‘liq avtomatlashtirdi.
Shifokor Anvarov Shoakbar Shoabrorovich elektron raqamlashtirish tizimi ishga tushirilgunga qadar ushbu hisobotlar qog‘ozda amalga oshirilgan bo‘lib, dori-vositalarining real vaqt rejimida aylanmasi va qoldig‘ini bilishning imkoni mavjud emasligi natijasida, bemorlarning dori vositalari taʼminotida uzilishlar kuzatilardi.
Tizimda barcha bemorlarning maʼlumotlari maxfiy saqlanishiga katta eʼtibor qaratiladi. Markazga kelgan bemorga QR-kod va elektron maxsus kod berilishi bemordan ortiqcha xujjat talab etmaydi va to‘g‘ridan to‘g‘ri xizmat ko‘rsatish rejimiga o‘tiladi. Yaʼni fuqarodan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar so‘rab ortiqcha vaqt yo‘qotilishi va ovoragarchiliklarga chek qo‘yiladi.
Kelgusida ushbu axborot tizimini tegishli axborot tizimlar bilan integratsiya qilish hisobiga OIV bemorlar harakati bo‘yicha maʼlumotlar aniqligi 100 foizga yetkaziladi, yaʼni bemor qayerda bo‘lmasin doimo nazoratda bo‘lishi taʼminlanadi, bundan tashqari tug‘ruqqa murojaat qilayotgan har bir ayol, chet davlatga chiqib ketayotgan/chet davlatdan kirib kelayotgan mehnat migrantlarining hamda donorlikda ishtirok etayotgan har bir fuqaroning OIVga tibbiy tekshiruv natijasi to‘g‘risida maʼlumot olish imkoni yaratiladi, bundan tashqari bemorlar uchun mobil ilova yaratiladi.







