Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin bilan telefonlashdi
Prezident Rossiya yetakchisiga hamdardlik bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqotda unga va do‘st Rossiya xalqiga Moskva viloyatidagi "Krokus Siti Xoll" konsert zalida sodir etilgan terrorchilik harakati oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi.
Davlat rahbari O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqi nomidan vafot etganlarning oila aʼzolariga bardamlik, jarohatlanganlarga tez fursatda shifo topishlarini tiladi. Begunoh insonlarga qarshi qaratilgan ushbu jinoyat yana bir bor qatʼiy qoralandi.
Rossiya yetakchisi, o‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidentiga ushbu og‘ir damda bildirilgan dalda so‘zlari va zarur ko‘makni ko‘rsatishga tayyorligi uchun minnatdorlik bildirdi. Mamlakatlar xavfsizligi va barqaror taraqqiyotiga tahdid bo‘lgan ushbu yovuz kuchga kurashish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirishga kelishib olindi.







