Andijonda chiqindilar tashlanishi bo‘yicha reyd o‘tkazilmoqda
Tungi reydda 17 nafar huquqbuzar javobgarlikka tortildi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ishchi guruhi tomonidan Andijon shahrida ekologik holatni o‘rganish maqsadida tungi reyd tadbirlari o‘tkazildi. Nazorat tadbirlari davomida Andijonning eski shahar va yangi shahar markaziy dehqon bozorlari hududida hamda ushbu bozorlarga tutash bo‘lgan: Oltinko‘l, Boburshoh va O‘zbekiston markaziy ko‘chalari holati o‘rganildi.
Jarayonda respublika ishchi guruhi boshchiligida Andijon viloyati Ekologiya boshqarmasi nazorat inspeksiya, Milliy Gvardiya hamda Ichki ishlar boshqarmasi masʼul xodimlari ishtirok etib, bir qator ekologik huquqbuzarlik holatlariga aniqlik kiritildi.
Jumladan, yuqorida ko‘rsatilgan savdo obyektlari hududi va unga tutash markaziy ko‘chalarda joylashgan rastalar va do‘konlar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari yon-atrofi nazorat qilinganda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan chiqindilarni belgilanmagan joyga tashlaganlik uchun 17 nafar huquqbuzar tadbirkorga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91¹-moddasiga ko‘ra jami 5 mln 780 ming so‘m miqdorida jarimalar qo‘llanilib, bayonnomalar rasmiylashtirildi.







