“Termizshahargaz” bo‘lim boshlig‘i pora bilan qo‘lga tushdi
Hozirda unga nisbatan jinoiy ish ochilgan.

Surxondaryoda gaz tarmog‘iga ulanishga ruxsat berishi uchun tadbirkordan 700 AQSH dollari talab qilgan bo‘lim boshlig‘i ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Termizshahargaz” gaz taʼminoti bo‘limi boshlig‘i F.H. “M.M.” oilaviy korxonasining umumiy ovqatlanish shoxobchasida gaz nuqtalarini tashkil etish va ularni tarmoqqa ulashga ruxsat hamda texnik shart xulosasini berishi evaziga 700 AQSH dollari va loyiha hujjatlarini arzon narxlarda tayyorlab berishi uchun yana 2 mln so‘m talab qilib, ushbu pullar hisobidan 5 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.







