Turkiya chegarasida mamlakatga kelayotganlarga nisbatan qatʼiy tekshiruvlar boshlandi
Istanbul xalqaro aeroportida 20-35 yoshdagi xorijliklarga nisbatan nazorat tadbirlari kuchaytirildi.

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi maʼlumotiga ko‘ra, migratsiya xizmati xodimlari xati-harakatlari shubha uyg‘otgan shaxslar bilan suhbat o‘tkazib, uyali telefonlarini tekshirish holatlari kuzatilmoqda.
Terrorizm, odam savdosi va boshqa jinoyatlarga aloqadorlikda gumonlanganlar, taqiqlangan tovarlarni olib o‘tishga uringan shaxslar "Turkiyaga kirishi istalmagan yo‘lovchi" sifatida baholanadi.
Jumladan, joriy yilning yanvar-fevral oylari davomida Turkiyaga kiritilmagan 163 nafar O‘zbekiston fuqarolaridan 54 nafari muqaddam Turkiyaga kelib, qonunbuzarlik sodir etgani aniqlangan.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasining qayd etishicha, fuqarolarga mahalliy qonunlarga to‘liq rioya qilish, deportatsiya qilinganlarga esa Turkiyaga kirish taqiqi bor yoki yo‘qligini Toshkent va Samarqand shaharlaridagi Turkiya diplomatik vakolatxonalaridan o‘rgangan holda kelish tavsiya qilinadi.







