20 tonna pomidor Rossiyadan O‘zbekistonga qaytarib yuborildi
Bunga ularda virus aniqlangani sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Bugun ijtimoiy tarmoqlardagi baʼzi kanallarda 20 tonna pomidor Rossiyadan O‘zbekistonga qaytarilgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.
Unda keltirilishicha, Rossiya Federatsiyasining Sverdlovsk viloyatidagi Yekaterinburg shahrida joylashgan vaqtinchalik omborda saqlanayotgan 20 tonna pomidor mahsulotida pomidor jigarrang bujmayish virusi aniqlanganligi tufayli mahsulot O‘zbekistonga qaytarilayotgani maʼlum qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining maʼlum qilishicha, ayni paytda vazirlik huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi mutasaddilari hamda Rossiya Federatsiyasidagi masʼul tashkilotlar holat yuzasidan pomidor mahsulotlarining ekspertizasini olib borishmoqda. Shuningdek, fitosanitariya sertifikatlari ham tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.
Tekshiruv natijalari to‘g‘risida alohida maʼlumot berilishi maʼlum qildindi.







