Murmansk viloyati gubernatoriga pichoq bilan hujum qilindi
Uning ahvoli haqida batafsil maʼlumot berilmadi.

"Apatiti shahridagi “Stroitel” madaniyat markazida aholi bilan uchrashuvdan so‘ng nomaʼlum shaxs Andrey Chibisga hujum qildi. Hujum qilgan shaxs qo‘lga olindi, gubernator shifoxonaga yotqizildi", — deya xabar berdi Chibisning matbuot xizmati.
Uning ahvoli haqida batafsil maʼlumot berilmadi, biroq OAV maʼlumotlariga ko‘ra, u mashinaga o‘zi piyoda bora olgan. RBK gubernator matbuot xizmatiga tayanib, unda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi mumkinligini yozmoqda.

Tergov qo‘mitasi xabariga ko‘ra, hujum qilgan erkak qo‘lga olindi, u Apatiti shahrida yashovchi 42 yoshli fuqaro bo‘lib chiqdi, deb yozadi mahalliy OAV. Ushlash paytida u oyog‘idan yaralangan. Erkakning maqsadi nomaʼlum.
"So‘roq paytida erkak hujumni garchi gubernatorni yaxshi tanimasada, uni yoqtirmagani uchun sodir etganini aytdi", — deyiladi Tergov qo‘mitasi bayonotida.







