Toshkentda fohishalik qilayotgan 1000 dan ortiq shaxs aniqlandi
Poytaxt IIBB bu bo‘yicha raqamlarni ochiqladi.

Joriy yilning uch oyi davomida Toshkent shahrida fohishalik bilan shug‘ullangan 1 068 nafar shaxslar aniqlangan bo‘lib, maʼmuriy tartibda javobgarlikka tortilgan. Bu haqda poytaxt IIBB xabar berdi.
O‘rganishlar jarayonida aniqlanishicha, javobgarlikka tortilganlarning 92,8 foizi (992 nafar) viloyatlardan kelib, bu turdagi huquqbuzarlikni sodir etgan.
Bundan tashqari, joriy yilning uch oyi davomida qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash bilan bog‘liq 209 ta holat aniqlangan va jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.
Eslatib o‘tamiz, fohishalik bilan shug‘ullanish O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 190-moddasiga ko‘ra maʼmuriy huquqbuzarlik deb baholanadi va bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash O‘zbekiston Respublikasining 131-moddasiga asosan jinoyat sifatida malakalanadi va sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.







