Quloqlarni maqomga o‘rgataylik — Otabek Hasanov
Mahallalarga radiouzel o‘rnatib, maqom eshittirish taklif qilindi.

Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida "Maʼrifat bog‘i"ni tashkil etish oldidan maʼrifiy tadbir tashkil etildi. Unda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov so‘zga chiqib, O‘zbekiston xalqini maqom eshitishga undadi.
"Insonni moddiy qashshoqlikdan olib chiqish yo‘llari ko‘p. Ammo maʼnaviy qashshoqlikdan olib chiqish qiyinroq.
Sayxunobodda iqtisodiy uyg‘onish boshlangan edi. Endi esa biz maʼnaviy uyg‘otamiz. Millatni uyg‘otish uchun bizga ziyollar ko‘mak beradi. Zero, ziyoli uyg‘onsa millat uyg‘onadi.
Biz "Maʼrifat bog‘i"ga radiouzellar o‘rnatdik. Shuningdek, bu kabi radiouzellarni tumanning barcha mahallalarida o‘rnatmoqchimiz. Ushbu yo‘nalishda ham Sirdaryo tajribasini yo‘lga qo‘yamiz. Shundan so‘ng ushbu tajribani boshqa hududlarga ham joriy etish rejalashtirilyapti. Yaʼni mahallada maqom yangrab turadi. Mahalla maqomdan boshlanadi. Quloqlarni maqomga o‘rgataylik, keyin xirgoyi qilib yurishadi", dedi Otabek Hasanov.







