Rossiya shakar eksportini vaqtinchalik taqiqladi
O‘zbekistonga oq shakarning asosiy yetkazib beruvchisi Rossiya hisoblanadi.

Rossiya tomoni juma kuni mamlakatdan 2024 yil 31 avgustgacha shakar eksportini taqiqladi.
Rossiya Federatsiyasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi mart oyining o‘rtalarida mamlakatdan shakar eksportini taqiqlovchi hukumat qarori loyihasini tayyorlagan edi.
Qayd etilishicha, vaqtinchalik cheklovlar mart oyida chet elga shakar yetkazib berishning ko‘payishi bilan bog‘liq xavotirlar fonida paydo bo‘lgan. Avgustdan fevral oyining o‘rtalarigacha bo‘lgan davrda Rossiya boshqa mamlakatlarga avvalgi shu davrga qaraganda uch baravar ko‘p shakar sotgan (442 ming tonna).
Qishloq xo‘jaligi vazirligining maʼlumotlariga ko‘ra, joriy mavsumda Rossiya Federatsiyasida shakar ishlab chiqarish 6,8 million tonnani tashkil etadi. Bu o‘tgan mavsumga nisbatan 9,8 foizga ko‘pdir. Shu bilan birga, ichki isteʼmol 6 million tonnaga yaqin. Ishlab chiqarishning ijobiy dinamikasi qand lavlagining yuqori hosili bilan bog‘liq bo‘lib, Rosstat maʼlumotlariga ko‘ra, 2023 yilda 53,1 million tonnani tashkil etdi va mamlakat tarixida ikkinchi bo‘ldi.







