Surxondaryoda qadimiy xum idishlar topildi
Ular IX-XVI asrlarga oid ekani aytilmoqda.

Sariosiyo tumanining “Sarijar” mahallasida yashovchi fuqaro Erkin Tulakov hovlisi hududida issiqxona qurish uchun yer kavlayotgan paytida taxminan yarim metr chuqurlikda katta xum gardishiga duch keladi.
Qazish ishlarini davom ettirib, ushbu gardish balandligi taxminan 1.50-1.60 metr bo‘lgan, butun saqlangan bir dona ulkan xum ekanligiga guvoh bo‘ladi. Topilma yuzasidan Surxondaryo viloyati madaniy meros boshqarmasiga xabar qilinadi.
Surxondaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi hamda Termiz arxeologiya muzeyi mutaxassislari tomonidan ushbu xum atrofida olib borilgan arxeologik kuzatuv ishlari natijasida bu yerda yana uch dona xum mavjudligi aniqlandi. Barcha xumlar zarar yetkazilmagan holda qazib olindi.
Dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra, xumlarning ikki donasi milodiy IX-XIII asrlarga, yana ikkitasi XIV-XVI asrlarga oid ekanligi taxmin qilinmoqda.







