Toshkentda avtobus haydovchilari janjallashdi
Janjal tufayli haydovchi boshqa avtobusning kalitini olib ketib qolgan.

12-aprel kuni soat 20:05 larda 5-avtobus saroyi filiali tasarrufida bo‘lgan MAN A22 rusumli 1-yo‘nalish bo‘ylab harakatlanadigan avtobus haydovchisi R.O‘. va 1-yo‘nalishda harakatlanuvchi MAN A22 rusumli avtobus haydovchisi M.F. o‘rtasida mojaro kelib chiqqan.
Rasmiy xabarga ko‘ra, M.F. belgilangan harakat jadvaliga rioya qilmasdan R.O‘. boshqaruvidagi avtobusdan oldin “BIY” bekatidan «Yugnakiy mavzesi» bekati tomon harakatni oldin boshlab yuborgan.
Shu sababli Mirzo Ulug‘bek tumani Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasi “Sayohat” bekati qarshisida o‘zaro janjal yuzaga kelgan va haydovchi R.O‘. haydovchi M.F. boshqaruvida bo‘lgan «MAN A22» rusumli avtobusning kalitini olib ketib qolgan.
Mazkur holatdan xabar topgan 5-avtobus saroyi mutasaddilari tezkorlik bilan yo‘nalishga chiqib, avtobusning kalitini haydovchiga yetkazgan hamda avtobus o‘z yo‘nalishida harakatlanib yo‘lovchilarni belgilangan manzilga olib borgan.
Shundan so‘ng, ushbu ikki avtobus 5-avtobus saroyi filiali hududiga olib kelingan va haydovchilar bilan bo‘lgan voqea yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilgan.
Shuningdek, yo‘nalish davomida avtobusda yo‘lovchilar bo‘lishiga qaramasdan ushbu avtobusning kalitini olib ketib, yo‘lovchilarning kutib qolishiga sabab bo‘lgani va korxona ichki mehnat tartibini buzgani uchun haydovchi R.O‘.ga nisbatan qatʼiy intizomiy chora ko‘rilishi maʼlum qilindi.







