Navoiyda psixotrop tabletka sotayotgan dorixona fosh bo‘ldi
Hozirda holat yuzasidan jinoiy ish ochilgan.

Qashqadaryo va Navoiy viloyatida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining muomalasi aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, G‘uzor tumanida tadbirkor T.J.ning sport buyumlari sotishga mo‘ljallangan savdo do‘koni sotuvchisi B.N. jami 400 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini hamda 1 dona paketdagi kukunsimon moddani fuqaro A.A.ga 1,1 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, departamentning Zarafshon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “F-F.” MCHJga dorixonasi sotuvchisi z.M. fuqaro I.T.ga shifokor retseptisiz 50 ta kapsuladagi “Reduksin” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 1 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.







