Elektr energiyani talon-taroj qilgan mayning ferma aniqlandi
Noqonuniy foydalanish oqibatida davlatga 34,3 milliard zarar yetkazilgan.

DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Sirdaryodagi chorvachilikka ixtisoslashgan MCHJ binosida kriptovalyuta ishlab chiqarish bilan shug‘ullanilgan mayning ferma faoliyatiga chek qo‘yildi.
2022-yilning aprel oyidan 2024-yilning mart oyiga qadar MCHJga qarashli elektr hisoblagichning ikkilamchi zanjirini vaqti-vaqti bilan uzib, haqiqatda oqib o‘tayotgan quvvatni yashirish orqali hisoblagich ko‘rsatkichini sunʼiy kamaytirish yo‘li bilan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilishi natijasida davlat manfaatlariga 34 mlrd. 367 mln. so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Ferma tomonidan 39,3 mln. kVt elektr energiyasi talon-toroj qilingan. Bu viloyatning Boyovut, Sardoba, Oqoltin va Guliston tumanlari aholisining bir oylik ehtiyojiga teng.
Hozirda MCHJning mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.







