Ziroat Mirziyoyeva Farg‘onadagi ijodiy festivalda qatnashdi
Festival yoshlarga birgalikda ijodiy loyihalarni amalga oshirish uchun ajoyib imkoniyat bo‘ldi

Marg‘ilonda ilk bor tashkil etilgan inklyuziv ijodiy festivalda Qarshi, Toshkent, Andijon, Nukus va Marg‘ilondagi "Zamin Creative" studiyalarining yangi ishtirokchilari va bitiruvchilari qatnashdi.
Festival yoshlarga birgalikda ijodiy loyihalarni amalga oshirish uchun ajoyib imkoniyat bo‘ldi. Media yo‘nalishida ishtirokchilar dunyoga mashhur rishtonlik kulol Alisher Nazirov va Yodgorlik ipak matolari fabrikasi bilan hamkorlikda “Nigoh” ko‘rgazmasini tayyorladi. Yosh aktyorlar o‘zlarining sahna ko‘rinishlarida daraxtlar kesilishi va dengizlar qurishi kabi muhim ekologik mavzularni ko‘tardilar. Yosh dizaynerlar "birgalikda, bir butun bo‘lish" g‘oyasini asos qilib, milliy quroq usuli, yaʼni mayda parchalardan bir butun buyum yaratish anʼanasi orqali insonning tabiatga mehribon munosabatini ochib berdilar.
Ziroat Mirziyoyeva bolalarni festival muvaffaqiyatli yakunlangani bilan tabrikladi, ijodiga muvaffaqiyatlar, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish sari yo‘lda to‘liq erkinlik, shodlik va ilhom tiladi.







