Qashqadaryoda 47 yoshli shifokor kaltaklandi
Bunga uning bemorni vafot etgani haqida aytgan gapi sabab bo‘lgan.

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida fuqaro farzandi vafot etganini aytgan shifokorni urdi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, 2 yoshli bola divandan yiqilib tushib, Shahrisabz shahri bolalar shifoxonasiga yotqizilgan. Bolaning bosh miyasiga qon quyilgani sababli reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilib, sunʼiy nafas apparatiga ulangan.
Shifokorlar uning ahvoli haqida ota-onasiga axborot berib turgan. 17 aprel kuni ahvoli og‘irligi sabab bolada biologik o‘lim kuzatilgan. Buni eshitgan bolaning otasi esa shifokorni urgan.
“Otasiga aytganimdan keyin, otasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuzimga musht bilan urdi. Xushimni yo‘qotdim, qolganini to‘liq eslolmayman”, — deydi 47 yoshli jarrohlik bo‘limi boshlig‘i.
Shifokorga kallamiyaning yopiq shikasti, boshmiya chayqalishi, chap ko‘z qovoqlari yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi tashxisi qo‘yilgan. U hozirda qo‘shma shikastlanish va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazida davolanmoqda.
Kaltaklangan shifokor farzandini yo‘qotgan ota-onaga hozir juda qiyin ekani bois holat bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilmaganini aytgan.







