Samarqandda fuqaroni Isroilga ishga yubormoqchi bo‘lgan firibgarlar aniqlandi
Ular buning uchun 18 ming AQSH dollari so‘rashgan.

Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida xorijiy davlatlarga ishga yuborishini vaʼda qilgan firibgarlar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Samarqandda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar U.R., Z.M. va A.S. fuqaro H.Sh.ni 18 000 AQSH dollari evaziga Isroil davlatiga ishga yuborishni vaʼda qilib, shundan 2 000 AQSH dollarini olgan vaqtlarda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shahrisabzda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa fuqaro A.K. 4 nafar fuqaroni Turkiya davlati orqali Nikaragua davlatiga ishga yuborishini vaʼda qilib, jami 35 000 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.







