O‘zbekistonlik olimlar Koreyaning biotexnologiya markazlarida malaka oshirishadi
Farmatsevtika sohasida O‘zbekiston-Koreya hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda

Shu kunlarda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasida bo‘lib turgan bir vaqtning o‘zida Toshkent shahrida Agentlik binosida ham Koreya Respublikasining bir qator farmatsevtik kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida xorijiy kompaniya vakillariga O‘zbekiston farmatsevtika bozori, yurtimizda sohaning bugungi kundagi holati va ertangi rivojlanish istiqbollari, O‘zbekiston farmatsevtikasining investitsiyaviy jozibadorligi, xorijiy hamkorlarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan sharoitlar haqida taqdimot o‘tkazdi.
Bundan tashqari, xorijiy mehmonlarga Toshkent viloyati, Zangiota tumanida barpo etilayotgan “Toshkent Farma park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtik klasteri bilan tanishtirildi. Xorijiy kompaniyalar vakillari klaster hududida olib borilayotgan ishlar va investitsiya kiritish uchun mavjud imkoniyatlar bilan tanishtirildi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida Inchxon erkin iqtisodiy zonasi (IFEZ) direktori o‘rinbosari, "Pangyo Techno Valley" sanoat zonasini rivojlantirish bo‘limi rahbari shuningdek, biotexnologiya bo‘limi boshlig‘i va "Gyeonggi Bio Center" biomarkazining rivojlanish guruhi rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Maʼlumot uchun: "Pangyo Techno Valley" sanoat zonasi Koreya Respublikasi hukumati tashabbusi bilan 2005 yilda 662 000 m2 maydonda tashkil etilgan. Bugungi kunda biotexnologik zonada AKT, biotexnologiyalar va nanotexnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha faoliyat yurituvchi 1622 ta kompaniya mavjud.
"Gyeonggi Bio Center" biomarkazi Kyongido viloyati rahbariyati tashabbusi bilan 32 000 m2 maydonda 200 7 yilda tashkil etilgan. Bu markaz biotexnologiyalar sohasidagi investitsiya va startap loyihalarini amalga oshirishga ixtisoslashgan. Bugungi kunda markazda 24 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, 50 ming xodim mehnat qilmoqda, 14 ta startap loyihasi amalga oshirilmoqda.
Mazkur ishlab chiqarish va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarining yaratilish tarixi haqida delegatsiya aʼzolariga batafsil so‘zlab berildi. Qayd etilishicha, ular Koreya hukumati tomonidan to‘liq subsidiyalanadi. Muzokaralar doirasida tomonlar hamkorlikning ko‘plab istiqbolli yo‘nalishlarini qayd etdilar.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining ilmiy-tadqiqot institutlari, O‘zbekiston farmatsevtika oliy o‘quv yurtlari hamda “Toshkent Farma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish klasteri hamda "Gyeonggi Bio Center" biomarkazi o‘rtasida tajriba va kadrlar almashinuviga kelishildi. Mazkur kompaniya rahbariyati O‘zbekiston bilan ilmiy-tadqiqot salohiyatini rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirgan holda Koreyaning biotexnologiya markazlarida o‘zbekistonlik olimlarni malaka oshirishlarida amaliy yordam berishga tayyorligini bildirdi.







