Bekobodda “O‘zmetkombinat” ishchisi omborxonada o‘zini osib qo‘ydi
Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Zamon.uz'ga maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, 17 aprel kuni soat 09:00 larda shahar IIB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, 53 yoshli K.Sh. o‘z ish joyi yaʼni, “O‘zmetkombinat” AJga qarashli “Navli prokat bo‘limi”ning omborxonasida o‘zini osib, joniga qasd qilgan.
Marhumning o‘lim sababini aniqlash yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan bo‘lib, ekspertizaning dastlabki maʼlumotnomasiga ko‘ra, K.Sh.ning o‘limiga bo‘yin aʼzolari sirtmoq bilan qisilishi natijasida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya sabab bo‘lganligi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, shahar ko‘p tarmoqli poliklinikasining maʼlumotnomalariga asosan marhum psixiatr va narkolog ro‘yxatida turmasligi aniqlangan. Hodisa joyidan ashyoviy dalil sifatida marhum o‘zini osishda foydalangan 1,5 metr bo‘lgan arqon olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.







