Kann kinofestivali doirasida o‘zbek pavilioni ochiladi
Tadbir 14-25 may kunlari bo‘lib o‘tadi.

Kecha Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov CNCning audiovizual hamkorlik masalalari bo‘yicha attashe Emmanuel Fosiyon bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda Kann festivali doirasida hamkorlik memorandumini imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
14-25 may kunlari o‘tkaziladigan 77-Kann kinofestivali doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi o‘z pavilionini ochadi. Kinematografiya agentligi va Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi ushbu pavilion ochilishida ishtirok etadi.
Festival doirasida Fransiya milliy kinematografiya va animatsiya markazi hamda Kinematografiya agentligi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolanishi rejalashtirilgan. Kinematografiya agentligi va Fransiya Milliy Kino va animatsiya markazi vakillarining so‘nggi 76-Kann kinofestivalida bo‘lib o‘tgan muzokaralari chog‘ida paydo bo‘lgan kelishuv loyihasi g‘oyasi bu yilgi kinofestivalda amalga oshiriladi. Memorandum 18 may kuni CNC pavilionida imzolanadi.
Shuningdek, Kann kinofestivalida 3 nafar o‘zbek rejissyori o‘zining yangi loyihalari bilan SNS tomonidan o‘tkazilayotgan pitchingda O‘zbekiston nomidan ishtirok etadi.







