O‘zbekistonlik shifokorlar Britaniyaga ishga yuboriladi
Nomzodlar qobiliyati va tajribasiga qarab tanlanadi.

O‘zbekistonlik tibbiyot sohasi vakillari qobiliyati, intilishi, tajribasi va til bilishidan kelib chiqib, vazifasi nuqtai nazaridan o‘sish imkoniga ega bo‘lishi mumkin.
Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida Britaniyaning "NEU Professionals" rekruting agentligi, Qirollik hamshiralik kolleji, Koventri universiteti va "Mutaxassis til kurslari" markazi vakillaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga amaliy safari tashkil etildi.
Safar davomida britaniya tomoni O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Toshkent tibbiyot akademiyasi va Samarqand shahridagi “Medicon” universitetida uchrashuvlar o‘tkazdi.
Olib borilgan muzokaralar natijasida, o‘zbekistonlik 10 mingdan ortiq tibbiyot sohasi vakillarini chet tillariga o‘qitish orqali Buyuk Britaniyadagi nufuzli shifoxonalarga ishga qabul qilish hamda 3 ming AQSH dollari miqdorida oylik maosh to‘lash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, "NEU Professionals" rekruting agentligi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ish beruvchi talabi, ushbu yurtda ishlash tartibi batafsil tushuntirildi.
Britaniya tomoni o‘zbekistonlik tibbiyot sohasi vakillari, jumladan hamshiralar o‘rta tibbiy xodim sifatida faoliyat yuritish bilan cheklanib qolmasligi, balki qobiliyati, intilishi, tajribasi va til bilishidan kelib chiqib, vazifasi nuqtai nazaridan o‘sish imkoniga ega bo‘lishini taʼkidladi.
"NEU Professionals" rekruting agentligi 2013 yil chet ellik tibbiyot mutaxassislarini Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti shifoxonasi va boshqa tibbiyot muassasalari uchun yollashga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan. Kompaniya xorijdan tibbiyot mutaxassislarini Angliya va Uelsga yetkazib berish bilan shug‘ullanmoqda.







