Toshkentda “Ona uyi” ijtimoiy markazi ochiladi
Dastlab markaz 8-10 nafar yosh bolali ayolni qabul qilishi mumkin.

Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya Milliy agentligi tashabbusi bilan Toshkentda “Ona uyi” ijtimoiy markazi ochiladi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ijtimoiy himoya Milliy agentligi va Qozog'istonning “Ana Uyі” ijtimoiy loyihasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan. Hamkorlikning maqsadi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ijtimoiy va ikkilamchi yetimlikning oldini olishdagi tajriba va metodologik ko‘nikmalar almashishga qaratilgan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Birinchi “Ona uyi” ijtimoiy markazi 8-10 nafar yosh bolali ayolni qabul qilishi mumkin. Ikkinchi bosqichda “Ona uyi” natijalari asosida hamda O‘zbekistonning ma’lum bir mintaqasi ehtiyojlariga qarab loyihani mamlakat bo‘ylab kengaytirish belgilangan.
“Ona uyi markazi qiyin ijtimoiy vaziyat va turli salbiy holatlarda onalarga bolalarini o‘zlari tarbiyalash imkoniyatini berish orqali yordamlashadi. Bu yerda ularga ma’naviy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatiladi hamda ushbu yordam barcha zarur narsalar, xususan, uy-joy, oziq-ovqat, kiyim-kechak, shuningdek, ayol va bola uchun tibbiy yordamni o‘z ichiga oladi”, — deyiladi xabarda.
Kelgusida “Ona uylari”da tikuvchilik ustaxonalarini ochish, onalarga turli mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim berish rejalashtirilgan. Buning natijasida “Ona uyi” markazida bo‘lgan vaqt davomida ayollar ijtimoiylashishi, professional kasbga ega bo‘lishi hamda o‘zi va farzandlarini ta’minlash maqsadida kelajak uchun mablag‘ topishi mumkin.







